Andijonda otasini haqoratlagan qo‘shnisini pichoqlab o‘ldirgan erkak ushlandi
Andijon viloyati Paxtaobod tumanida 30-aprel kuni mahalladoshlar o‘rtasidagi janjalda bir nafar fuqaro halok bo‘ldi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 14:00 larda Paxtaobod tumani Qovul ko‘chasida yashovchi M.D. (25 yoshli) mahalladoshi T.J. (31 yoshli) bilan janjallashib qolgan. Tortishuv T.J. M.D.ning otasini haqorat qilgani sababli vujudga kelgan. Oqibatda M.D. avtomashinasida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘ini olib, T.J.ning qorin qismiga urib jarohat yetkazgan.
Jabrlanuvchi T.J. olgan tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga olib kelingan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, shifoxonada vafot etgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi voqea joyidan yashirinib, mahalladagi uylarining biriga kirgan. Ashyoviy dalilni yo‘q qilish maqsadida uyning hojatxonasiga xo‘jalik pichog‘i tashlab yuborilgan. Bir qator chora tadbirlardan so‘ng 1 dona xo‘jalik pichog‘i hamda M.D.ning egnida bo‘lgan kiyimlar, qonga o‘xshash dog‘lar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan M.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday holat 24-aprel kuni ham sodir bo‘lgan. Andijon viloyati Paxtaobod tumanida qo‘shnilar devor buzish masalasida janjallashib qolgan. Ulardan biri mahalladoshini oshxona pichog‘i bilan ko‘krak va boshqa sohalariga urib, qasddan o‘ldirgan.